O‘zbekiston va CNNC kompaniyasi O‘zbekistonda Xitoyning kichik modulli yadroviy reaktorlaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganadi. Ikki davlat delegatsiyalari uran rudasini qazib olish quvvatlarini kengaytirish, uni qayta ishlash va keyinchalik yoqilg‘idan AESlarda foydalanish masalalarini ham muhokama qildi.
“O‘zatom” agentligi direktorining ma’lum qilishicha, atom stansiyalarini qurish uchun 14 ta potensial maydoncha dastlabki tarzda baholab chiqilgan. “Respublikaning turli hududlarida kichik reaktorlarni yanada rivojlantirish uchun ushbu maydonlarni batafsil o‘rganish rejalashtirilgan”, — dedi u.
O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyasining birinchi reaktorini 5 yildan keyin ishga tushirish rejalashtirilmoqda, deb xabar berdi Atom energiyasi agentligi Spot`ga. Loyiha narxi maxfiy ma’lumot bo‘lib, oshkor etilmaydi, deya ta’kidladi agentlik.
Yozda Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi bo‘yicha kam quvvatli (330 MVt) AES qurilishi boshlanadi. “Rosatom” uchun bu shu turdagi stansiya qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasi hisoblanadi. “Tanlangan maydon allaqachon tekshirilgan, yaroqliligi va xavfsizligi tasdiqlangan”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Prezident kichik AES qurish loyihasini “hayotiy ahamiyatga ega” deb atadi. “Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega”, — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting